Khan Academy Oʻzbek — Ilk beta testing

Khan Academy Oʻzbek
3 min readAug 26, 2019

--

14–16-avgust kunlari biz The Knowledge Academy xususiy maktabi direktori Firdavs Navruzovning taklifi bilan Buxoro viloyatida boʻldik. U yerda jamoamiz aʼzolari Khan Academy materiallarini maktab bolalarida sinab koʻrishdi, bu ilk tarixiy qadam!

Trening oʻtkazishdan uchta asosiy maqsad koʻzlangan edi:

  1. Bizni asosiy auditoriyamiz — bolalarni munosabatini bilish, ulardan fikr-mulohaza olish;
  2. Ota-onalarni onlayn taʼlimga eʼtibor qaratishlariga, uning muhimligini anglab yetishlariga erishish;
  3. Khan Academy kontentini The Knowledge Academy maktabi oʻquv dasturida sinashni yoʻlga qoʻyish va uning natijalarini anʼanaviy taʼlim natijalari bilan taqqoslash.

Tashrifning birinchi kuni oʻqituvchilar bilan Khan Academy kontentini ishlatish va uning oʻqitishdagi afzalliklari haqida trening oʻtkazildi. Taʼlim berishni yangi uslublari va darslarning samaradorligi mavzulari koʻpchilik oʻqituvchilarni bezovta qilib keladi, shu sababli ham bu mavzudagi bepul treningga qiziqish katta boʻldi.

Maktab maʼmuriyati bilan birgalikda biz 3–4-sinf oʻquvchilarining ota-onalari bilan uchrashdik, aynan shu yoshdagi bolalar sinov darsida qatnashishi reja qilingan edi. Qizigʻi shundaki, hozirgi ota-onalarning aksariyati oʻz farzandlari taʼlimiga kelajakka sarmoya qilganday munosabatda.

Ota-onalarga Khan Academy haqida taqdimot

Ikkinchi kun, juda muhim kun — maktab bolalari bilan ilk beta testing oʻtkazilgan kun boʻldi. Bu jarayon haqida batafsil aytib bermoqchimiz.

Beta testing — bu tayyor mahsulotni tekshirish jarayoni boʻlib, platformadagi kontent sifatini koʻtarishga va oʻquvchi tomonidan materialni oʻzlashtirishni yaxshilashga qaratilgan.

Beta testing jarayoni

Sinov haqqoniy va xolis boʻlishi uchun oʻquvchilarga 3 nafar oʻqituvchining video darslari taqdim etildi. Video koʻrish jarayonida oʻquvchilar masala yechish va videoni ortga qaytarish imkoniyatiga ega boʻlishdi, bularning hammasini ular oʻz oʻqish tezligigida amalga oshirishdi, bu esa, oʻz navbatida, Khan Academyʼning ajralib turuvchi jihati hisoblanadi va materialni oʻzlashtirishda juda muhim omildir.

Har bir videoni koʻrib chiqqach, oʻquvchilar oʻqituvchilari bilan mavzu qay darajada tushuntirilgani va kadr ortidagi ovoz qanchalik yoqqanligini muhokama qilishdi. Koʻplar taʼkidlashi mumkin, bolalar hali yosh va xolis baho bera olmaydi deb, biz esa bu fikrga qoʻshilmaymiz: aynan bolalar xatolarimizni topishga usta.

Natijalar:

▸ Kutilganidek, video darslarga yosh bolalar nigohidan fikr-mulohazalar oldik va tahlil qildik;
▸ Taqdimot jarayonida ota-onalarga onlayn taʼlimni afzalliklari haqida gapirib berdik va chet el tajribasidan misollar keltirdik, koʻpchilik ota-onalar qiziqish bildirishdi;
The Knowledge Academy maktabi bilan hamkorlik qilishga kelishdik va yaqin orada ularni Khan Academyʼning oʻzbek tiliga tarjima qilingan video materiallari bilan taʼminlashni boshlaymiz.

Oʻqituvchilar

Eʼtiborga olinmagan jihatlar:

▸ Video darslar oʻquvchilar uchun yangilik boʻlgani sababli ularning baʼzilari mavzuni toʻliq tushunish uchun videolarni 2–3 marta koʻrishlariga toʻgʻri keldi;
▸Oʻz oʻqituvchisiga koʻnikib qolgan bolalarga yangi oʻqituvchining ovozini eshitish noodatiy edi, bu esa, oʻz oʻrnida, ularning chalgʻishiga sabab boʻldi.

Nima boʻlganda ham birinchi qadam qoʻyildi va biz reja qilgan natijamizga erishdik. The Knowledge Academy maktabi bilan hamkorlikni davom ettiramiz va boshqa, oʻz oʻquv dasturidan dunyoga mashhur Khan Academy platformasining kontenti joy olishini istagan maktablarni hamkorlikka chorlab qolamiz.

Matnda xato topgan boʻlsangiz, blog@bilimonlayn.uz e-mail manziliga yoki Telegram orqali @khanacademyuzbek_adminga xabar bering. Rahmat :)

--

--